top of page
September 16, 2026

HAMROH hududiy tarmog‘ini kengaytirmoqda: Termizda yangi filial ochildi

Yangi filial ochilish marosimidan lavhalar

Termiz, Surxondaryo viloyati, 2026-yil 27-avgust —HAMROH O‘zbekistondagi hududiy faoliyatini kengaytirishda davom etib, Termiz shahrida Surxondaryo viloyati hokimligi ko‘magida o‘zining ikkinchi filialini ochdi. Yangi filial HAMROH’ning Surxondaryo viloyatidagi asosiy hududiga aylanadi. Bu yerda tadbirkor ayollar maslahatlar olishlari, ta’lim dasturlarida qatnashishlari, murabbiylar bilan ishlashlari hamda o‘z bizneslarini rivojlantirish uchun ko‘mak olishlari mumkin bo‘ladi.


Termizdagi filialning ochilishi HAMROH kompaniyasining mintaqaviy infratuzilmasini rivojlantirishning davomi bo‘ldi.


Kompaniyaning birinchi filiali 2026-yil mart oyida Nukusda ish boshlagan edi, keyingi qadam esa Chimboy va Chiroqchida markazlarning ochilishi bo‘lib, bu olis hududlardagi tadbirkor ayollarning dasturlar va professional yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.



Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi


«Biz uchun filial shunchaki xaritadagi yangi nuqta emas. Bu — hududdagi doimiy jamoa bo‘lib, tadbirkor ayol o‘z biznesini rivojlantirishning turli bosqichlarida yangi savol, g‘oya yoki navbatdagi maqsad bilan murojaat qilishi mumkin. Biz aynan shunday uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘ymoqchimizki, unda bilim, maslahatlar va professional ko‘mak doim yoningizda bo‘lib, hududning o‘zida tadbirkorlik muhitining bir qismiga aylanadi», — deya ta’kidladi HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova.


Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zulxumor Xidirova ham so‘zga chiqdi.


«So‘nggi besh yil ichida ayollar tadbirkorligi sezilarli darajada o‘zgardi. Bugun tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Eng muhimi, ayollar endi o‘z g‘oyalarini amalga oshirish va biznesini kengaytirish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega», — dedi Zulxumor Xidirova.


Tadbir davomida HAMROH ko‘magida tadbirkor ayollar erishayotgan amaliy natijalarga alohida e’tibor qaratildi.


HAMROH va The Coca-Cola Foundation grant dasturi g‘olibi Salomat Vahobova 20 yillik tadbirkorlik tajribasiga ega bo‘lsa-da, WESP dasturi orqali yangi bilim va yondashuvlarga ega bo‘ldi. HAMROH tomonidan taqdim etilgan ta’lim va qo‘llab-quvvatlash unga biznesini yanada rivojlantirish, faoliyatini kengaytirish va ikkinchi filialini ochishga yordam berdi.


Rasmiy qismdan so‘ng netvorking sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar tajriba almashish, o‘z loyihalarini muhokama qilish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.


Termizda HAMROH filialining ochilishi kompaniyaning hududlarda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va ularning biznesini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlarining davomi bo‘ldi.

 

Ma’lumot uchun


HAMROH — O‘zbekistonda ayol tadbirkorlarning tadbirkorlik tashabusslarini ularning har bir bosqichida qo’llab-quvvatlashga qaratilgan, bepul ta’lim dasturlari, mentorlik va konsultatsion yordam ko‘rsatadigan, shuningdek shaffof shartlar asosida moliyalashtirishga ko‘maklashuvchi ilk davlat kompaniyasidir. Kompaniya 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq tashkil etilgan.


HAMROH filiallari va markazlari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning hududiy infratuzilmasini shakllantiradi. Filiallar kompaniyaning asosiy hududiy maydonchalari hisoblanadi, markazlar esa mamlakatning ayrim chekka tumanlarida dasturlar, maslahatlar, murabbiylik va hamrohlik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi.


Hamroh Biznes Maktabi - tadbirkor ayollar uchun amaliy biznes yuritish ko‘nikmalari va tadbirkorlik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturi. Dastur HAMROH tomonidan ALPHA bilan hamkorlikda UZCARD ko‘magida amalga oshirilmoqda.


Women's Entrepreneurship Support Programme (WESP) — HAMROH tomonidan tashabbus qilingan va moliyalashtirilgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturidir. Dastur ayollarning tadbirkorlik kompetensiyalarini rivojlantirish, biznes loyihalarini hamrohlik asosida qo‘llab-quvvatlash, mentorlik va ayollar biznesining barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.

1040.avif

We are ready to listen to you

Please leave your contact details, and we will get in touch with you and offer the best solution!

bottom of page