WEConnect International va HAMROH strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
WEConnect International va HAMROH O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Bugungi kunda butun dunyoda inklyuziv iqtisodiyot va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Ushbu global tendensiyaga javoban WEConnect International va HAMROH strategik hamkorlik boshlanganini e’lon qildi. Tashabbusning asosiy maqsadi — ayollar rahbarlik qilayotgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun O‘zbekistonda hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasida yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat.
2026-yil 13-may kuni tomonlar o‘zaro Anglashuv Memorandumini imzoladilar. Hujjat ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, kompaniyalarni korporativ xaridlarga tayyorlash va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutadi. Mazkur hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda ham muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Imzolangan kelishuvga muvofiq, WEConnect International O‘zbekistonga xalqaro miqyosda tan olingan Women’s Business Enterprise (WBE) sertifikatsiya tizimidan foydalanish imkoniyatini, shuningdek global korporativ xaridorlar va xalqaro kompaniyalar tarmog‘iga kirishni taqdim etadi. Bu orqali ayollarga tegishli korxonalar transmilliy korporatsiyalar, davlat tuzilmalari va inklyuziv yetkazib beruvchilar bilan ishlashga qiziqish bildirayotgan xalqaro tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladilar.

Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi
Tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha milliy hamkor sifatida HAMROH faoliyat yuritadi. Tashkilot davlat institutlari, moliyaviy tashkilotlar va tadbirkorlik hamjamiyati bilan o ‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekistondagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Mamlakatning barcha 14 hududida faoliyat yuritayotgan HAMROH xalqaro sertifikatsiyadan o‘tish va keyinchalik korporativ xaridlarda ishtirok etishga qiziqqan ayol tadbirkorlarni aniqlash, tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri maxsus dastur yaratish bo‘ladi. Ushbu dastur ayollarga tegishli korxonalarga zamonaviy xalqaro talablarga moslashish hamda mahalliy va xalqaro ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishiga yordam berishga qaratilgan.
Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi
Dastur bir nechta yo‘nalishlarni qamrab oladi. Jumladan, ESG standartlariga muvofiqlik, biznesning moliyaviy va operatsion tuzilmasini shakllantirish, xarid hujjatlarini tayyorlash, auditga tayyorgarlik va kompaniyalarni korporativ yetkazib beruvchi standartlariga moslashtirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari ichki va xalqaro bozorlarga chiqish uchun ham tayyorgarlikdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hamkorlik doirasida tashkilotlar ta’lim va mentorlik tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish, sertifikatsiyaga tayyor kompaniyalar bazasini shakllantirish, qo‘shma forumlar, savdo missiyalari va biznes-matchmaking dasturlarini tashkil etishni ham rejalashtirmoqda. Qo‘shimcha ravishda, tomonlar davlat organlari, moliyaviy muassasalar, xalqaro rivojlanish hamkorlari va xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.
Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu hamkorlik butun Markaziy Osiyo miqyosida ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlashning yanada barqaror tizimini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi ayol tadbirkorlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan umumiy sadoqatimizni aks ettiradi. HAMROH’ning milliy miqyosdagi qamrovi va yillik xarid hajmi 4 trillion dollardan ortiq bo‘lgan 180 dan ziyod korporativ ishtirokchini o‘z ichiga olgan global tarmog‘imizni birlashtirish orqali biz ayollar kompaniyalarining korporativ yetkazib berish zanjirlariga kirishi va ularning barqaror rivojlanishi uchun real imkoniyatlar yaratmoqdamiz”, — deydi WEConnect International bosh direktori va hammuassisi Elizabet A. Vaskes.
Hamkorlik natijasida O‘zbekistonda xalqaro miqyosda tan olingan ilk WBE sertifikatsiya mexanizmini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.Turli sohalardagi kompaniyalar, jumladan xizmat ko‘rsatish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish va professional xizmatlar yo‘nalishidagi korxonalar tayyorgarlik va sertifikatsiyadan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ayollar tomonidan boshqariladigan kompaniyalarning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan banklar, korporatsiyalar, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar hamda boshqa institutsional xaridorlar uchun mahsulot va xizmatlar yetkazib berishga tayyorligini rivojlantirish belgilangan.
“Ushbu hamkorlik HAMROH’ning O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining kuchli va barqaror ekotizimini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli qarashlarini aks ettiradi. Bizning ustuvor vazifamiz — nafaqat ayollarga biznes boshlashda ko‘maklashish, balki kompaniyalarni kengaytirish, ularni xarid jarayonlarida ishtirok etishga tayyorlash va real korporativ hamda institutsional imkoniyatlardan foydalanishlariga yordam berishdir. WEConnect International bilan birgalikda biz xalqaro standartlar, bozorga kirish imkoniyatlari va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali ayollar biznesini mustahkamlaymiz”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari maslahatchisi, diplomat va HAMROH kuzatuv kengashi a’zosi Nozimaxon Davletova.
Memorandumning amal qilish muddati 2029 yil may oyigacha belgilangan. Tomonlar ushbu kelishuv mintaqada inklyuziv iqtisodiy o‘sishni, ayollarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishni hamda xususiy sektor rivojini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda rivojlantirish niyatini aks ettirishini ta’kidladilar.
WEConnect International haqida
WEConnect International — ayol tadbirkorlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, u dunyo bo‘ylab yirik korporativ, davlat va xalqaro xaridorlar bilan hamkorlik qiladi.
Tashkilot tarmog‘i umumiy yillik xarid hajmi 4 trillion dollardan ortiq bo‘lgan 180 dan ziyod kompaniyani birlashtiradi. WEConnect International 135 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va kamida 51 foizi ayollarga tegishli, ular tomonidan boshqariladigan va nazorat qilinadigan kompaniyalarga Women’s Business Enterprise sertifikatini taqdim etadi. Bugungi kunda tashkilotning global tarmog‘iga ayollarga tegishli 20 000 dan ortiq kompaniya kiradi.
















