top of page
18-avgust, 2026

HAMROH FEST: WESP ishtirokchilari The Coca-Cola Foundation grantlariga ega bo‘lishdi

Ayollar biznesini rivojlantirish yo‘lida: HAMROH FEST’dan lavhalar


Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi


Festival HAMROH tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va The Coca-Cola Company bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda The Coca-Cola Foundation ko‘magida tashkil etildi.


Toshkent, 2026-yil 2-avgust — 1–2-avgust kunlari Tashkent City Mall savdo markazida HAMROH FEST — mahalliy brendlar ko‘rgazmasi, grantlarni topshirish marosimi, panel muhokamasi, shuningdek, ta’lim va mentorlik sessiyalarini o‘zida jamlagan ikki kunlik tadbirkorlik festivali bo‘lib o‘tdi.



Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi


Festival doirasida Women’s Entrepreneurship Support Programme (WESP) dasturi bitiruvchilari o‘z mahsulotlarini taqdim etdilar, o‘z loyihalarini rivojlantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda potensial xaridorlar va biznes hamkorlar bilan tanishdilar. Ko‘rgazma-yarmarkada O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan tadbirkor ayollar ishtirok etdilar.


Ishtirokchilarga tabrik so‘zlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova, HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova, O‘zbekistondagi The Coca-Cola Company bosh direktori Kazumasa Mukai hamda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii murojaat qildilar.


«Ushbu yarmarkadagi har bir mahsulot ortida xaridorga har doim ham ko‘rinavermaydigan yo‘l — ilk shubhalar, murakkab qarorlar va kundalik mehnat turibdi. HAMROH FEST tadbirkor ayollarga o‘z brendlarini yangi auditoriyaga taqdim etish va biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi, The Coca-Cola Foundation grantlari esa ularga keyingi qadamni tashlash uchun zarur resursni taqdim etadi. Ayniqsa, bir tadbirkorlik subyektiga ko‘rsatilgan ko‘mak vaqt o‘tishi bilan yangi ish o‘rinlari va boshqalar uchun yangi imkoniyatlarga aylanishi juda qadrlidir», — deya ta’kidladi HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova.


HAMROH FESTning markaziy tadbirlaridan biri Hilton Tashkent City mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan The Coca-Cola Foundation grantlarini tantanali topshirish marosimi bo‘ldi. Grantlarni o‘z biznesini yanada rivojlantirish uchun istiqbolli loyihalarni taqdim etgan WESP dasturi ishtirokchilari qo‘lga kiritdilar.


WESP dasturi HAMROH tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda The Coca-Cola Foundation ko‘magida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Dastur tadbirkor ayollarga amaliy biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, ekspert ko‘magidan foydalanish hamda o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni topishda yordam beradi.


Festival doirasida WESP bitiruvchilariga bag‘ishlangan uchta videorolikning premyerasi ham bo‘lib o‘tdi. Qahramonlar ta’lim, ekspert ko‘magi va yaratilgan imkoniyatlar ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda qanday yordam bergani haqida so‘zlab berdilar. Ularning hikoyalari biznesning rivojlanishi nafaqat tadbirkor ayolning o‘z hayotiga, balki uning oilasi va mahalliy hamjamiyatga ham qanday ta’sir ko‘rsatishini namoyish etdi.


«Bir necha yil avval men tadbirkorlik yo‘limni o‘z farzandim uchun imkoniyat izlashdan boshlaganman. WESP dasturi tufayli bilimlarimni mustahkamladim, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldim va bugun yuzlab oilalar uchun imkoniyatlar yaratishimga yordam berayotgan grantni qo‘lga kiritdim. Barcha tadbirkor ayollarga murojaatim oddiy: imkoniyatlarni kutmang — ularni ko‘ra bilishni o‘rganing, ularni qo‘ldan boy bermang va insonlar hayotini o‘zgartirish uchun foydalaning», — deya hikoya qildi Namangan viloyatidan WESP granti sohibasi Sayyora Qosimova.


HAMROH FEST dasturini Parfum Gallery parfyumeriya do‘konlari tarmog‘i asoschisi Gulchehra-begim Mahmudova ishtirokidagi panel muhokamasi davom ettirdi. U biznesni rivojlantirish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, kasbiy faoliyatdagi muammolar va ta’lim hamda grant dasturlari orqali ochiladigan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.


Festivalning amaliy qismi ta’lim va mentorlik sessiyalarini o‘z ichiga oldi. HAMROH maslahatchilari tadbirkor ayollar bilan birgalikda biznes-rejalar ustida ishladilar, loyihalarni rivojlantirish modellarini tahlil qildilar va ularning keyingi o‘sishi uchun zarur qadamlarni belgiladilar.

1040.avif

Biz sizni eshitishga tayyormiz

Aloqa ma’lumotlaringizni qoldiring biz siz bilan bog‘lanamiz va eng yaxshi yechimni taklif qilamiz!

bottom of page