top of page
28-avgust, 2026

HAMROH va AI ALLIANCE tadbirkor ayollarning sun’iy intellekt bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

HAMROH va AI ALLIANCE: ayol tadbirkorlar uchun sun’iy intellekt sohasida yangi imkoniyatlar

Toshkent, 2026-yil — HAMROH va Sun’iy intellekt bo‘yicha AI ALLIANCE Alyansi tadbirkor ayollarning sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar.


Hamkorlik HAMROHning ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasidagi tajribasi hamda AI ALLIANCEning sun’iy intellekt sohasidagi ekspertizasini birlashtiradi. Hamkorlik doirasida tadbirkor ayollarga zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish va ulardan biznes hamda yangi loyihalarni rivojlantirishda foydalanishga yordam beradigan ta’lim va amaliy tashabbuslar yo‘lga qo‘yiladi.


Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ta’lim berishdan iborat. HAMROH va AI ALLIANCE tadbirkor ayollar zamonaviy AI vositalari bilan tanishishlari, soha ekspertlari bilan ishlashlari hamda tadbirkorlik faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan amaliy bilimlarga ega bo‘lishlari uchun ta’lim dasturlari, treninglar va seminarlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.


Sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarga qiziqadigan tadbirkor ayollar hamjamiyatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xakatonlar, mentorlik va akseleratsiya dasturlari ishtirokchilarga hamfikrlar topish, o‘z g‘oyalarini rivojlantirish va yangi texnologik yechimlarni yaratishda yordam beradi.


Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi tadbirkor ayollar va dasturchilar tomonidan yaratilayotgan sun’iy intellektga asoslangan startaplar va yechimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi.


«Sun’iy intellekt allaqachon mijozlar bilan ishlash, bozorni tahlil qilish va yangi mahsulotlarni yaratish kabi kundalik biznes jarayonlarining bir qismiga aylanmoqda. Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad — tadbirkor ayollarga nafaqat texnologik o‘zgarishlarni kuzatib borish, balki ulardan biznesni rivojlantirish va o‘z yechimlarini yaratishda foydalanish imkonini beradigan amaliy ko‘nikmalarni berish», — deya ta’kidladi HAMROH bosh direktori Dilfuza Nurmatova.


«Sun’iy intellektni rivojlantirish bevosita inson salohiyatini rivojlantirish bilan bog‘liq. HAMROH bilan hamkorlikda biz ayollarga AI vositalarini o‘zlashtirish va ulardan amaliyotda — biznesni rivojlantirish, texnologik yechimlar yaratish hamda yangi g‘oyalarni amalga oshirish uchun foydalanishga yordam berishni maqsad qilganmiz», — dedi AI ALLIANCE direktori Aziz Muхitdinov.


Ma’lumot uchun


HAMROH — O‘zbekistonda faoliyati biznesni rivojlantirishning turli bosqichlarida ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan birinchi davlat kompaniyasi. Kompaniya bepul ta’lim dasturlari, mentorlik va konsultativ ko‘makni taqdim etadi, shuningdek, shaffof shartlar asosida moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanishga ko‘maklashadi. HAMROH 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq tashkil etilgan.


«Sun’iy intellekt alyansi» nodavlat notijorat tashkiloti (AI ALLIANCE) sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish va O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yetakchi texnologik xabiga aylantirish maqsadida davlat, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillarini birlashtiradi. Alyans 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

1040.avif

Biz sizni eshitishga tayyormiz

Aloqa ma’lumotlaringizni qoldiring biz siz bilan bog‘lanamiz va eng yaxshi yechimni taklif qilamiz!

bottom of page