Korpe: При поддержке компании Hamroh в Ташкенте открылся шоурум посвященный изделиям из одеял
Бренд Korpe открывает новые горизонты с Hamroh

Toshkent, 2025-yil 3-may — Toshkent shahrida Markaziy Osiyoning muhim madaniy meroslaridan biri — an’anaviy ko‘rpacha mahsulotlarini saqlash va ommalashtirishga xizmat qiluvchi “Korpe” shourumi rasmiy ravishda ish boshladi. Ushbu loyiha “Hamroh” kompaniyasi va “Xalq banki” ATB hamkorligida amalga oshirildi. Hamkorlik doirasida “Korpe” brendi asoschisi Marjon Dusalieva “Hamroh” yo‘nalishi orqali “Xalq banki”dan imtiyozli kredit olib, moliyaviy ko‘mak va barcha bosqichlarda “Hamroh” mentorlaridan maslahatlar oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova o‘z nutqida shunday dedi:
- Bugun yurtimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaratuvchanlik, imtiyozlar va imkoniyatlar tufayli minglab ayollar o‘z biznesini boshlamoqda va jamiyatimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. “Korpe” brendi faoliyati — ana shunday yorqin tashabbuslardan biri: bu loyiha nafaqat an’anaviy tikilgan mato va kashtachilikni zamonaviy talqinda jonlantiradi, balki ayollarni ish bilan ta’minlaydi va ularning ijodiy salohiyatini ochib beradi. Albatta, bugungi ochilish “Hamroh” kompaniyasi ko‘magisiz bo‘lmas edi, ularga alohida minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tashqi siyosiy faoliyatni tahlil qilish va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boshqarmasi boshlig‘i, “Hamroh” kompaniyasining Kuzatuv kengashi a’zosi va Xotin-qizlar tadbirkorligi kengashi raisi Nozimaxon Davletova ta’kidladi:
- Yurtimizda ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 8-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev imtiyozli kreditlar ajratilishini e’lon qilgan edilar. Shu orada Saida Mirziyoyeva menga qo‘ng‘iroq qilib, bu resurslar qanday ishlatilayotgani — aniq, shaffof va tizimli bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Shu sabab “Hamroh” kompaniyasi tashkil etildi — bu haqiqatan ham ayol tadbirkorlarga yordam beradigan tuzilma. Bizning asosiy maqsadimiz — Marjon kabi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning biznesini rivojlantirish va o‘ziga ishonchini oshirishga yordam berish.
Foto: Hamroh - Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi
“Korpe” konsepsiyasida Markaziy Osiyo xalqlarining turli hunarmandchilik usullari va bezak naqshlari mujassam: gilam kashtachiligi, qo‘lda tikish, to‘qimachilik kabi texnikalar uyg‘unlashtirilgan. Shourumda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning an’anaviy bezaklari asosida yaratilgan milliy ko’rpachalar namoyish etildi. Ular nafaqat zamonaviy interyerlar uchun nafis dekor elementlari, balki madaniy tadbirlar uchun yorqin aksessuarlardir.
Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Busherxonim madaniy hamkorlik va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida quyidagilarni aytib o‘tdi:
- Biz Fransiyada O‘zbekistonning san’ati va hunarmandchiligini juda qadrlaymiz. Parijda allaqachon O‘zbekiston matolari, to‘qimachiligi va urf-odatlariga bag‘ishlangan ikkita katta ko‘rgazma o‘tkazilgan, ularni 2022-yil noyabrida Saida Mirziyoyeva ochib bergan edilar. Bugungi tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Gap ayollar haqida ketar ekan, fransuz an’analarida biz ayollar rolini juda qadrlaymiz va O‘zbekistonda ham shunday qadriyatlarni ko‘rib xursand bo‘ldim. Ishonchim komilki, bu loyiha muvaffaqiyatli bo‘ladi va bunda Fransiya elchixonasi har tomonlama yordam berishga tayyor.
Tadbir davomida “Korpe” brendining shakllanish tarixi taqdim etildi hamda ko’rpacha orqali oila, baraka va madaniyatning uzluksizligini ifodalovchi sahnalashtirilgan o‘zbek urf-odati namoyish qilindi. Yakunda tashkilotchilar loyihaning bosh maqsadini — madaniy merosni saqlab qolish va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash orqali zamonaviy jamiyat bilan bog‘lashni alohida ta’kidlab o‘tishdi.








